Kecha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida xizmati boshligʼi B.Yusupalievning Oʼzbekistonga tashrif buyurgan fransuz delegatsiyasi aʼzolari – “AP-HP International” assotsiatsiyasi rahbari, Butunjahon sogʼliqni saqlash tashkilotining SOVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish qoʼmitasi raisi Did'e Ussen, Parij shahri markaziy shifoxonalarining (AP-HP) xalqaro ishlari boʼyicha direktori Florans Veber, Kayenna shifoxonasi rahbari Dominik Delpe, “AP-HP International” assotsiatsiyasining xalqaro loyihalari boʼyicha xodimi Mishel Bassil bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Muloqot chogʼida Oʼzbekiston va Fransiya oʼrtasida sanitariya xavfsizligi sohasida oʼzaro tajriba almashish, mazkur soha faoliyatini xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirish masalalari haqida soʼz yuritildi.
Suhbat davomida tomonlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan ishlab chiqilgan “Sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriya komplekslarini rivojlantirish kontseptsiya” loyihasini, mamlakatimiz tibbiyot muassasalarining tibbiy chiqindilarni sanitar xavfsizlik nuqtai nazaridan qayta ishlash, utilizatsiya va boshqarish tizimlarini zamonaviy texnologiyalar yordamida takomillashtirish, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga tegishli boʼlgan laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish boʼyicha takliflar va boshqa masalalar boʼyicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari toʼgʼrisidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.